TalTes
“Giyohvandlik — umr zavoli” mavzusida davra suhbati
Mart 06, 2026
Bugungi kunda jamiyatimiz oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri — giyohvandlik balosidir. Giyohvand moddalar inson salomatligiga, oilaviy muhitga hamda jamiyat taraqqiyotiga jiddiy zarar yetkazadi. Shu sababli Talimarjon IES AJda “Giyohvandlik — umr zavoli” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatining asosiy maqsadi — yoshlar va xodimlar o‘rtasida giyohvandlikning salbiy oqibatlari haqida tushuncha berish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda bunday illatlardan ogohlikni kuchaytirishdan iborat. Tadbir davomida so‘zga chiqqan mutaxassislar giyohvand moddalar inson organizmiga qanday zarar yetkazishi, ularning psixologik va ijtimoiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Ta’kidlanganidek, giyohvandlik insonni nafaqat jismonan, balki ma’naviy jihatdan ham yemiradi, uning kelajagini xavf ostiga qo‘yadi. Shuningdek, davra suhbatida sog‘lom turmush tarzini olib borish, sport bilan shug‘ullanish, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish giyohvandlikning oldini olishda muhim omil ekani alohida ta’kidlandi. Xodimlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, bu borada profilaktika ishlarini kuchaytirish zarurligini qayd etdilar. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar giyohvandlikka qarshi kurashishda har bir insonning mas’uliyati muhim ekanini ta’kidlab, sog‘lom va farovon jamiyat barpo etish yo‘lida hamjihat bo‘lishga chaqirildi.