Yangi investitsiya loyihasi – mamlakatimiz energetika tizimida muhim qadamlardan biri bo‘ladi
Noyabr 17, 2025
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi Tolimarjon IESda zamonaviy energetika texnologiyalari asosida, dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda 1065 MVt quvvatga ega zamonaviy bug‘-gaz qurilmasi qurilishi yakuniy bosqichga yetdi. Bugun, ushbu loyihaning qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida OAV vakillari uchun press-tur (https://tpp.uz/news/yangi-investitsiya-loyihasi-mamlakatimiz-energetika-tizimida-muhim-qadamlardan-biri-boladi)tashkil etildi. Prezidentimizning energetika sohasiga bo‘lgan yuksak e’tiborlari natijasida bugungi kunda mamlakatimizda barpo etilayotgan zamonaviy investitsiya loyihalari qatorida Tolimarjon IESda qad rostlayotgan bug‘-gaz qurilmalari ham ishlab chiqarish quvvatlarini sezilarli darajada oshishiga xizmat qiladi. Loyihaning umumiy quvvati 1065 megavatt va loyiha qiymati 944, 87 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Osiyo Taraqqiyot banki, Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari tomonidan moliyalashtirilayotgan, mamlakatimiz energetika sohasidagi mega loyihalar qatorida turuvchi ushbu energoinshoot qurilishi Ispaniyaning “Intesa Ingenieria Industrial S.A., Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” hamda Turkiyaning “Çalık Energy” kabi yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
Ushbu bug‘-gaz qurilmalari ishga tushirilgach, korxona yiliga 8 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va yuqori tejamkor texnologiyalarni qo‘llash hisobiga yiliga 300 million kubmetr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.