TalTes
Xodimlar Yaponiyada malaka oshirmoqda
May 22, 2025
“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati hamda “Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJ bir guruh mutaxassislari Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan o‘quv-seminarda ishtirok etmoqdalar. Ma’lumki, hozirda “Tolimarjon IES” AJda jami quvvati 1065 MVt bo‘lgan 3- va 4-sonli bug‘-gaz qurilmalarini barpo etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning bosh pudratchilari sifatida Ispaniyaning “Intecsa Ingenieria Industrial” S.A. hamda Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Shartnoma doirasida, xususan F-1 ilovasiga muvofiq ravishda, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘laridan samarali foydalanish, shuningdek, loyiha doirasida ishtirok etuvchi mutaxassislarning ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bazasida malakasini oshirish belgilangan. Ayni paytda, ishlab chiqarish sohasi mutaxassislarini jahon tajribasi bilan yaqindan tanishtirish, hamda yurtimizda joriy etilayotgan zamonaviy energetika ob’ektlari bilan ishlash ko‘nikmalarini oshirish maqsadida “Mitsubishi Corporation” kompaniyasida maxsus o‘quv-seminar tashkil etilgan. Bu kabi tashabbuslar kadrlar salohiyatini yanada yuksaltirish, xalqaro tajriba va innovatsiyalarni milliy energetika tizimiga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.