TalTes
“Talimarjon IES” AJ xodimlari uchun Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi
Avgust 24, 2026
“Talimarjon IES” AJ xodimlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning o‘zaro do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda yurtimizning boy tarixiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi. Sayohat davomida xodimlar Samarqandning qadimiy va betakror obidalari, tarixiy maskanlari hamda diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilib, ulkan tariximiz va ajdodlarimizning ilm-fan, me’morchilik va madaniyat rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Xususan, Imom al-Buxoriy majmuasi, “Go‘ri Amir”, “Shohizinda” maqbarasi, Registon ansambli kabi go‘zal me’moriy yodgorliklar xodimlarda katta taassurot qoldirdi. Sayohat ishtirokchilari tarixiy maskanlarda maroqli vaqt o‘tkazib, unutilmas taassurotlar va yorqin xotiralar bilan qaytdilar. Bunday madaniy-ma’rifiy sayohatlar jamoa xodimlarining hordiq chiqarishi bilan birga, ularning kayfiyatini ko‘tarish, jamoada sog‘lom muhitni mustahkamlash va hamjihatlikni yanada oshirishga xizmat qiladi.