TalTes
Yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi boshlandi
Iyun 10, 2026
Xodimlar farzandlarining yozgi ta’tilni mazmunli, maroqli va foydali tashkil etish maqsadida energetika korxonalari tomonidan navbatdagi sog‘lomlashtirish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Talimarjon IES” AJ xodimlarining farzandlari Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Ziyo chashmalari” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga yuborildi. Ayni paytda oromgohda bolalarning dam olishi va sog‘lomlashishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bolajonlar turli sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda ijodiy to‘garaklarda faol ishtirok etmoqda. Futbol, voleybol, shaxmat-shashka bellashuvlari va madaniy tadbirlar ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga jismoniy va ma’naviy kamolotiga ham xizmat qilmoqda. Yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi davomida “Talimarjon IES” AJ xodimlari farzandlarini oromgohlarga 4 navbat asosida yuborish rejalashtirilgan. Har bir navbat 12 kundan iborat bo‘lib, bu davr mobaynida bolalar nafaqat hordiq chiqaradi, balki yangi do‘stlar orttirib, foydali bilim va ko‘nikmalarga ham ega bo‘ladi. Farzandlar salomatligi va ularning barkamol voyaga yetishi yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday ezgu tashabbuslar yosh avlodning mazmunli dam olishiga, sog‘lom va har tomonlama yetuk bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilmoqda.