“Talimarjon IES”da yangi raqamli platforma joriy etilmoqda
Iyun 09, 2026
“Talimarjon IES” aksiyadorlik jamiyatida “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqvrish bilan bog‘liq jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda korxonada “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ mas’ul xodimlari ishtirokida yangi raqamli platformani joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Mazkur platforma ishlab chiqarish faoliyatini raqamlashtirish orqali ma’lumotlar almashinuvini tezlashtirish va boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Yangi tizim ishga tushirilgach, stansiyaning asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini onlayn tarzda kuzatish imkoniyati yaratiladi. Xususan, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi, yoqilg‘i sarfi, yuzaga kelgan nosozliklar, navbatchilikdagi xodimlar tarkibi, naryad-ijozatlar hamda boshqa muhim jarayonlar haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida nazorat qilish mumkin bo‘ladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kelgusida ushbu platformani tizimdagi barcha korxonalarda joriy etish rejalashtirilgan. Shu maqsadda boshqa issiqlik elektr stansiyalari vakillari ham “Talimarjon IES” korxonasida amalga oshirilayotgan yangi tizimning ishlash tamoyillari, imkoniyatlari va afzalliklari bilan bevosita tanishmoqdalar.
Mutaxassislar fikricha, energetika sohasida zamonaviy axborot texnologiyalarini keng qo‘llash ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, inson omilini kamaytirish hamda boshqaruvning shaffof va tezkor mexanizmlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi platformaning joriy etilishi natijasida tarmoqda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, korxonalar o‘rtasida tajriba almashinuvini yaxshilash hamda boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.